Ronaldu haligacha yuqori formada. Zidan, Bekxem va Ronaldinolar 35 yoshida nima qilishgan?

Zinedin Zidan
2007 yil 23 iyunda 35 yoshni qarshi olgan.

Zidan

Zidan 2006 yilgi Jahon chempionatidan keyin faoliyatini yakunlagan edi. O‘shanda Zizu 34 yoshda bo‘lgan. Futbol bilan xayrlashgan Zidan ba’zida mini-futbol o‘ynab turgan, reklama roliklarida qatnashgan, murabbiylik kurslariga qatnagan. 
35 yoshigacha Zizu: Italiya chempioni (2), Italiya superkubogi, UEFA superkubogi (2), Intertoto Kubogi, Ispaniya chempioni, Ispaniya superkubogi (2), Jahon chempioni, Evropa chempioni, Frantsiyada yil futbolchisi (2) kabi sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Undan tashqari 1998 yilda “Oltin to‘p” ham Zidanga nasib etgan.

Devid Bekxem
2010 yil 2 mayda 35 yoshni qarshi olgan.
2010 yilning boshlarida Bekxem “Milan” safiga kelib qo‘shilgan. A seriyada mavsum yakuniga qadar ham to‘p sura olmagan. “Kevo”ga qarshi o‘yinda jarohat olgan Devid 2010 yilgi Jahon chempionatini ham o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgan. Sentabr oyida maydonga qaytgan Beks “LA Geleksi” bilan birga MLS chempioniga aylandi. 
O‘sha vaqtlarda Bekxem hisobida 6 ta APL chempionligi, 2 ta Angliya Kubogi va Superkubogi, Chempionlar ligasi g‘olibligi, Ispaniya chempionligi va Ispaniya Kubogi, bir qancha shaxsiy sovrinlar mavjud edi.

Ronaldo
2011 yil 22 sentabrda 35 yoshni qarshi olgan.
2011 yil fevral oyida Ronaldo faoliyatini yakunlagan edi. Butsasini mixga ilgach, Ronaldo shaxsiy agentligini ochadi va yosh iqtidorlarni izlash bilan shug‘ullanishni boshlaydi. Uning birinchi mijozi Neymar edi. 
35 yoshigacha Ronaldo: Jahon chempioni (x2), Amerika Kubogi (2), Olimpiya o‘yinlari chempionligi, UEFA Kubogi, Niderlandiya Kubogi, Ispaniya chempioni (2), UEFA superkubogi, Ispaniya superkubogi, Braziliya Kubogi kabi sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Braziliyalik afsona 2 marta “Oltin to‘p” sohibiga aylangan.

Andrey Shevchenko
2011 yil 29 sentabrda 35 yoshni qarshi olgan.
Shevchenkoning oxirgi jamoasi Kievning “Dinamo”si edi. 2012 yil 27 iyulda faoliyatini yakunlagan Andrey siyosat bilan shug‘ullanishga qaror qildi. “Olg‘a, Ukraina!” partiyasiga a’zo bo‘ldi va parlament saylovlarida qatnasha boshladi. Ammo siyosatda uning ishi yurishmadi. Deputatlikka saylana olmagan Shevchenko futbolga qaytdi va murabbiylik kurslariga qatnay boshladi.
35 yoshigacha Andrey 5 marta Ukraina chempioni, 3 marta Ukraina Kubogi va Superkubogi sohibiga aylangan edi. “Milan”dagi faoliyati davomida Italiya chempionligi, Italiya Kubogi, Chempionlar ligasi va UEFA superkubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. “Chelsi” bilan esa Angliya Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgan. 2004 yilda Shevchenko “Oltin to‘p” sohibiga aylangan.

Ronaldino
2015 yil 21 martda 35 yoshni qarshi olgan.

Ronaldinyo


2015 yil iyul oyida Ronaldino “Fluminense” jamoasiga o‘tgan edi. Jamoa futbolchining mashhurligidan foydalanib, marketing sohasida rivojlanishga erishmoqchi edi. Muxlislar oqimini ham oshirishni maqsad qilgan “Fluminense”ning o‘ylaganlari ham amalga oshmadi. Hujumchi juda yomon o‘yin ko‘rsatar, mashg‘ulotlarda kam qatnashar, jamoadoshlari bilan muloqot qilmas, doimiy kofe ichar va chekishni kanda qilmas edi. Bu esa rahbariyatni jahlini chiqardi. Braziliya nashrlari futbolchi allaqachon faoliyatini yakunlashga qaror qilgani haqida yozar edi. Shundan so‘ng, Ronaldino jamoani tark etdi va hech qaysi jamoada to‘p surmadi. 2018 yilda rasman faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 
35 yoshigacha Ronaldino: Ispaniya chempionligi (2), Ispaniya superkubogi (2), Chempionlar ligasi, Italiya chempionligi, Rio-de-Janeyro shtati chempionligi, Libertadores Kubogi, Rio Kubogi, Guanabara Kubogi, Meksika Kubogi, Amerika Kubogi, Jahon chempionligi, Konfederatsiyalar Kubogi kabi sovrinlarni qo‘lga kiritgan edi. 2005 yilda Braziliyalik afsona “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan.

Kaka
2017 yil 22 aprelda 35 yoshni qarshi olgan.

Kaka


35 yoshida Kaka “Orlando Siti” tarkibida to‘p surar edi. O‘yindan o‘yinga uning maydonga tushishi og‘riqli bo‘lib borardi. Butun faoliyati davomida orttirgan jarohatlari unga maydonda bemalol harakat qilishiga to‘sqinlik qilar edi. O‘sha mavsum so‘ngida esa faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.
Futboldagi 16 yillik faoliyati davomida Kaka Jahon chempioni, 2 marta Konfederatsiyalar Kubogi, Italiya va Ispaniya chempioni, Chempionlar ligasi g‘olibi, Ispaniya va Italiya Kubogi sohibi bo‘lishga erishgan.