Fotojamlanma: Sovuqni yengib o‘tgan xitoylik bola 450 ming dollar ishladi

Sakkiz yoshli xitoylik maktab o‘quvchisi Vang Fuman qattiq sovuqni yengib o‘tib mashhur bo‘lib ketdi.

Vang Fuman Xitoy shimolida joylashgan Sinsze nomli kichik qishloqda yashaydi. U har kuni maktabga borish uchun 5 km masofani piyoda bosib o‘tishi kerak.

Joriy yil 8 yanvar kuni ertalab keskin sovuq tushgan va havo harorati -9 darajagacha sovib ketgan. Ustiga ustak, uning issiqroq kurtkasi ham bo‘lmagan, lekin bu qiyinchiliklar bolakayni to‘xtata olmagan, u baribir maktabga yo‘l olgan.

Vang Fuman egnidagi yupqa paltosi bilan sovuq havoda bir soat davomida piyoda yurib maktabiga bordi. U sinfga kirganda sochlari va qoshlarida uzun-uzun muz bo‘laklari qotib qolgan bo‘lgan. Yuzi esa sovuqdan olovdek qip-qizarib ketgan edi.

Fumanning o‘qituvchisi maktab direktori Fu Xenga bolakayning ahvolini ko‘rsatgan. U bolakayni ko‘rib  ko‘ziga ishonmagan. Maktab direktori va o‘qituvchi bolakayni shu ko‘rinishda suratga olib ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan. Surat bir zumda ommalashib ketgan.

Natijada, nafaqat Xitoy, balki dunyoning barcha nuqtalaridan bolaga yordam berishni istaydiganlar paydo bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bolakayni – “Ice Boy”, ya’ni “Muz bola” deb atashgan.

Maktab direktorining ma’lumot berishicha, bolakay buvisi va opasi bilan juda og‘ir sharoitda yashaydi, lekin o‘qishda juda tirishqoq, chunki u o‘z turmush sharoitini faqat ilm olish bilan yaxshilashiga ishonadi.

Tez orada butun dunyodan bolakay o‘qiydigan maktabga 15 000 dollar xayriya puli kelib tushgan. Unga 20 ta isitgich va 144 juft issiq kiyim bosh sotib olingan. Ammo bu xayriya ijtimoiy tarmoqlarga xitoyliklarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Ushbu voqedan biroz o‘tib, bolakayni Pekinga taklif qilishgan. U yerda Vangni katta ehtirom bilan kutib olishgan va uning sharafiga xayriya tadbiri tashkillashtirilgan. Bolakay telekanallar orqali o‘zi boshidan kechirgan voqeani so‘zlab bergan. Shundan so‘ng salkam 3 millionga yuan (450 000 $)ga yaqin xayriya puli jamlangan.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, ushbu mablag‘ bolakay yashab turgan tumandagi barcha maktablarni issiqlik bilan ta’minlashga yetadi.

Kelajakda politsiya xodimi bo‘lishni orzu qilgan bolakay uchun politsiyachilar Pekin bo‘ylab sayohat tashkil etishgan, politsiya mototsikliga mindirishgan, bog‘lar va diqqatga sazovor joylarga olib borishgan.

U samolyot va poyezdga ilk bor mingan, lekin bolakayning aytishiga qargandanda, unda eng katta taasurot qoldirgan narsa, bu – Pekindagi uylarning issiqligi bo‘lgan.

“Bu yerda uylar shunchalik issiq ekanki, bir qavat kiyimda uxlash mumkin. Biz uyimizni isitish uchun ko‘mir yoqamiz va bir necha qavat kiyim kiyib yotamiz”, degan bolakay jurnalistlarga.

Bolakayning muxlislari esa, uning tirishqoqligiga qoyil qolib, u kelajakda albatta muvaffaqiyatga erishishiga ishonishmoqda.