Xakerlar 400 mln. dollarlik kriptovalyutalarni o‘marishdi

Yaponiyaning «Coincheck» birjasidan xakerlar 526 mln. birlik (token)ka teng NEM kriptovalyutalarini o‘g‘irlashdi, bu qariyb 400 mln. dollarni tashkil etadi. Birja vakillari favqulodda chaqirilgan matbuot anjumanida buni ma’lum qilishdi, xabar beradi «Bloomberg».

«Coincheck» — eng yirik yapon kriptobirjalaridan biri.

Birja ta’sischilaridan biri Yusuke Otsukaning ta’kidlashicha, 500 milliondan ziyod NEM tokenlarining qay tarzda yo‘qolgani hozircha kompaniyaga ma’lum emas. U mijozlar jamg‘armalari xavfsizligini kuchaytirish uchun kompaniya bor imkoniyatlarini ishga solayotganini ta’kidlagan.

NEM kriptovalyutasi bozor qiymati bo‘yicha dunyoda o‘ninchi o‘rinda turadi. Kiberhujum haqidagi xabardan so‘ng uning qiymati 7,5 foiz pasaygan.