MB: Konversion kartalardan foydalanishdagi barcha cheklovlar bekor qilindi

@Foto:UzNews.uz

Endilikda kartalardan har qanday do‘konlarda, mehmonxonalarda va onlayn do‘konlarda foydalanish mumkin. Shuningdek, xorijda bankomatlardan naqd pul yechib olishda barcha mavjud kunlik va oylik cheklovlar bekor qilindi. Bu haqda «Uznews» nashri xabar bermoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki chet el valyutasi oldi-sotdisi bo‘yicha bank xizmatlari ommabopligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Xususan, barcha viloyatlarda keng qamrovli valyuta ayirboshlash shoxobchalari tarmog‘i yaratilib, hozirda ularning umumiy soni 900 dan oshdi va ularda mijozlarga tezkor xizmat ko‘rsatish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud. Aholiga valyuta ayirboshlash operatsiyalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun bank infrastrukturasini kengaytirish ishlari davom ettirilmoqda.

Jismoniy shaxslarning konversion kartalaridan chet elda foydalanish bo‘yicha barcha cheklovlar bekor qilindi, xususan:

-bankomatlar orqali cheklanmagan miqdorda naqd chet el valyutasini yechish imkoniyati yaratilib, barcha mavjud kunlik va oylik cheklovlar bekor qilindi;

-konversion kartalardan foydalanishda mamlakat va turli xil maqsadlar bo‘yicha o‘rnatilgan cheklovlar bekor qilindi. Endilikda ushbu kartalar orqali dunyoning barcha mamlakatlarida istalgan do‘kon, mehmonxona va to‘lov qabul qilish imkoni mavjud bo‘lgan nuqtalarda to‘lovlarni amalga oshirish mumkin;

-konversion kartalardagi mablag‘lardan O‘zbekistondagi banklar orqali tegishli hujjatlar (invoys) taqdim etgan holda davolanish, o‘qish va boshqa maqsadlar uchun foydalanish mumkin.

Doimiy ravishda aholining chet el valyutasiga bo‘lgan talabini qondirish uchun yangi bank instrumentlari joriy qilinmoqda. Xususan, aholiga qulaylik yaratish maqsadida:

-konversion kartalar orqali mehmonxona, aviachiptalar, onlayn-do‘konlardagi xaridlar va boshqa maqsadlar uchun internet-to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

-chet elga pul o‘tkazmasi amalga oshirilayotganda jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi naqd pul mablag‘larini, shu jumladan, ularning bank kartalaridagi mablag‘larini avtomatik tarzda konvertatsiya qilish tartibi joriy qilingan.

Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini sotib olish imkoniyati berildi. Natijada iste’mol tovarlari importi bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda, banklardagi hisobvaraqlar orqali sotib olishga ruxsat berildi (xarid qilingan chet el valyutasi bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va mijozga xalqaro to‘lov kartasi taqdim etiladi).