Apple va Xiaomi sudlashmoqda…

Xitoyning Xiaomi brendi Apple’ga tegishli texnologik dizaynni o‘g‘irlashda ayblanmoqda. Amerikalik ishlab chiqaruvchining talab qilishicha, ayniqsa, Mi Pad plansheti quyib-quyganday iPad mini bilan bir xil.

2017 yilning 5 dekabrida Yevropa Ittifoqi Bosh sudi Mi Pad nomli qurilmani ro‘yxatga olishni rasman man qildi. Bu to‘g‘rida Reuters xabar bermoqda.

Xiaomi tomonidan Mi Pad plansheti bir necha yillar avval ishlab chiqarilgan va Xitoy hududida sotilayotgan edi. 2014 yilda esa xitoylik kompaniya mazkur devaysni Yevropa bozorlariga chiqarishga qaror qilgan. Kompaniya shu nomli savdo belgisiga egalik huquqini olish maqsadida Yevropa Ittifoqining Intellektual mulk boshqarmasi (EUIPO) ga murojaat qilgan.

Apple esa bunga javoban Yevropa sudiga «Mi Pad» nomiga qarshi davoni bergan. Unga ko‘ra «Pad» so‘zi to‘liq Apple’ga qarashli. Bir necha yil davom etgan tergovdan so‘ng Yevropadagi eng katta sudlardan bo‘lgan Yevropa Ittifoqi Bosh sudi xitoylik kompaniyaning Yevropada «Mi Pad» savdo belgisidan foydalanishini taqiqladi.

«Xiaomi planshetining nomi oldidan ishlatilingan «M» belgisi yuqori darajali vizual hamda fonetik o‘xshashlikni ajratib turish uchun yetarli emas», — deyiladi sud qarorida.

Apple g‘alabasi hozircha qisman va to‘liq emas. Boisi, garchi sud Yevropa hududida «Mi Pad» so‘z birikmasini ro‘yxatga olishni taqiqlagan bo‘lsa ham, undan foydalanish huquqi hozircha Xiaomi’da mavjud. Xitoylik korporatsiya bu nom bilan alohida brend ham ochishga haqli. Xiaomi xohlasa bu masalani yanada yuqori darajada ko‘rib chiqilishini talab qilishi mumkin.