Bitkoin ortidan boyigan ilk milliarderlarning nomi ma’lum qilindi

Mark Sukerbergni Facebook g‘oyasini o‘g‘irlaganlikda ayblagan egizak aka-ukalar Tayler va Kemeron Uinklvosslar dunyoning ilk bitkoin milliarderlari deya e’lon qilindi. The Telegraph shu haqida xabar berdi.

Aytilishicha, Uinklvosslar bitkoinlarni sudda Sukerbergdan yutib olgan pullarga sotib olishgan. 2008 yilda Sukerberg aka-ukalarga tinchlik bitimi asosida 65 million dollar to‘lagan. Aka-ukalar 2013 yili jahon bitkoin zaxiralarining 1 foizini 11 million dollarga sotib olgan edi. O‘sha payti bir bitkoin 120 dollarga baholanayotgan edi.

Uinklvosslar o‘z investitsiyalari uzoq muddatli ekanligini ta’kidlab, shu paytga qadar kriptovalyutani sotmay keldi.

Bitkoinlardagi 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ning yana bir egasi kriptovalyuta asoschisi, Satoshi Nakamoto taxallusi ostida yashirin inson hisoblanadi.