Samsung «super» smartfonni taqdim qildi. U Iphone X’dan ancha qimmat.

Janubiy koreyalik gigantning noodatiy form-faktorga ega Android-smartfoni – Samsung W2018, nihoyat, rasman namoyish etildi. Taqdimot marosimi Xitoyning Syamin shahrida bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi Gizmochina.

Mazkur qurilma Samsung smartfonlarining yangi – W turkumini boshlab berdi. Uning xususiyatlari avval tarqalgan insayderlik ma’lumotlarini tasdiqladi.

Samsung W2018 ikkita ekranga ega bo‘lib, ulardan birini qurilma yopiq paytida ham ishlashish mumkin. Korpusi metalldan qilingan, barmoq izi skaneri orqa panelda, yakka ob’ektivli kameraning yonida joylashgan.

Mana, uni quyidagi videoda tomosha qilishingiz mumkin:

Smartfonni o‘chirib-yoqish/blokdan chiqarish hamda ovozni balandlatish/pastlatish tugmachalari gadjetning o‘ng qirrasida joylashgan. Bixby ovozli yordamchisini chaqirish tugmachasi va SIM-karta joyi esa o‘ng tomondan o‘rin olgan. Devaysni boshqarish uchun D-pad sensor doirachasidan foydalaniladi.

Samsung W2018 smartfonining xususiyatlari:

Ekran: 4,2 dyuymli, FullHD formatli (1920x1080pikselli) ikkita AMOLED-displey + Gorilla Glass 5;

Protsessor: sakkiz yadroli Snapdragon 835, 64-bit, 2,35 GGs;

Xotira: 6 GB tezkor va 64 GB doimiy + 256 GBgacha microSD;

Kamera: f/1.5 aperturali 12 megapikselli asosiy kamera, 5 megapikselli selfi-kamera;

Operatsion tizim: Android 7.1.1 Nougat;

Akkumulyator: 2300 mA/soat, tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega;

O‘lchamlar: 132,2×63,2×15,95 mm, vazni 247 gramm.

Yangi «raskladushka» smartfon qora, kumushrang va tillarang korpuslarda ishlab chiqariladi. Taqdimotda Samsung W2018 narxini ma’lum qilishmagan, lekin u premium toifasiga mansubligi va qimmat bo‘lishi aniq. Mahalliy do‘konlardan biri allaqachon uning uchun oldindan buyurtma ola boshlaganini ma’lum qilgan va premium «raskladushka»ning narxi… naq 2400 AQSh dollariga teng ekan! Bu nafaqat Samsung’ning eng qimmat modeli, balki umuman bozordagi barcha smartfonlar orasida eng qimmati bo‘lyapti – iPhone X’dan deyarli ikki baravar qimmat!

Samsung W2018 Xitoyda savdoga chiqariladi, ammo keyinchalik boshqa bozorlarga chiqarilishi ehtimoli haqida aytishmagan. Demak, ungacha boshqa mamlakatlardagi xaridorlar uchun bu smartfonni AliExpress singari onlayn savdo platformalari orqali xarid qilish varianti qoladi, xolos.