Oshkora bo‘lgan “yashirin” reklamalar

Amerikadagi birinchi pulli e’lon yer-mulk sotuvi haqidagi xat bo‘lib, “Boston news” gazetasida chop etilgan. U yaxshi samara bergani uchun, keyinchalik reklama berish juda ommalashib ketdi.

Biroq, ayrim filmlar yoki kliplarda reklama berishning “yashirincha” usullaridan foydalanish ommalashib bormoqda. Bu odatiy reklamalardan ikki-uch barobar yaxshiroq natija beradi.

E’tiboringizga ushbu “mohirona” reklamalardan bir nechtasini taqdim etamiz.

Ispaniya kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Samolardan balandda” filmi ham fikrimizga misol bo‘la oladi. Undagi bosh qahramonlar Ache va Babining o‘zaro tortishib qolish sahnasi aynan, “Coca Cola” ichimligining reklama taxtasi yonida sodir bo‘ladi. Filmni tomosha qilar ekansiz, bunga ahamiyat bermaslikning hech ham imkoni yo‘q.

Yana shunday misollar sirasiga “Xarid vasvasasi” filmi kiradi. Kinoning bosh qahramoni Rebeka moda olamining eng mashhur brendlari “Armani” va “Gucci”ni bir necha bor reklama qiladi.

Ushbu film 2009 yil tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan. Shundan so‘ng, uning qahramoniga taqlid qiluvchi qizlar ko‘payib, kinoda “ko‘z-ko‘z” qilingan liboslar urfga kirdi.

Turk qo‘shiqchisi Yalin o‘zining “Benimki” qo‘shig‘iga olingan klipda muzqaymoq turini reklama qilgan.

Ushbu kliplarda reklamadan shu darajada ustalik bilan foydalanilganki, uni tomosha qilar ekansiz albatta, o‘sha muzqaymoqdan yegingiz keladi.

Dunyodagi eng “yashirin” reklamasi kuchli obida esa Fransiyadagi Eyfel minorasi hisoblanadi. Sababi, u bilan bog‘liq minglab afsonalar, filmlar hamda kliplar yaratilgan.

Masalan “Parijdagi muhabbat” filmi, Indilaning “Derniere dance” qo‘shig‘i uchun suratga olingan klip va hokazo.

Shuning uchun ham, har yili millonlab sayyohlar aynan Eyfel minorasini ko‘rish uchun Fransiyaga borishadi.

Ajablanarlisi shundaki, unga kirish uchun chipta oluvchilar soatlab kutishar, navbatda turgan odamlarning uzunligi bir necha klometrgacha bo‘lar ekan.