Yerning yassiligini isbotlashga harakat qilgan amerikalikka o‘z raketasida uchib ketishga ruxsat berishmadi

Kaliforniya shtatida istiqomat qiluvchi erkak Yerning yassiligi haqidagi nazariyani tekshirish uchun o‘zi yasagan raketada havoga ko‘tarilmoqchi bo‘ldi, ammo aviatsion boshqarmalar unga ruxsat bermadi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Aytilishicha, 61 yoshli Mayk Xyuz o‘zini 548 metr balandlikka ko‘tarmoqchi edi, ammo tegishli ruxsatni ololmadi. Shunga qaramay, u eksperimentdan bosh tortmadi, balki uni qoldirganini aytdi. U raketani bir haftadan so‘ng shaxsiy hududdan uchirish niyatida.

U havoga ko‘tarilib, “biz istiqomat qilayotgan diskni” suratga olmoqchi edi.

“Bu Yerning aylanaligi haqidagi nazariyaga chek qo‘yadi”, — dedi Xyuz.

Raketani erkak o‘z garajida bir necha yil davomida yig‘di. Bu ishga jami 20 ming dollar sarfladi.