Donald Tramp: “Sayfullo Soipov o‘limga loyiq!”

AQSh prezidenti Donald Trampning fikricha, 8 kishi qurbon bo‘lgan Nyu-Yorkdagi teraktda gumon qilinayotgan Sayfullo Soipov o‘lim jazosiga loyiq. Bu haqida «Qalampir» xabar berdi.

«..Nyu-York terrorchisi shifoxonadagi palatasida IShID bayrog‘ini osganidan benihoyat xursand edi. U 8 kishini joniga qasd qildi, 12 kishini og‘ir jarohatlanishiga sababchi bo‘ldi. Uni o‘limga mahkum qilish kerak”, dedi Oq uy rahbari o‘zining Twitterdagi sahifasida.

​Soipovga terrorchilik harakati uchun bir umrlik qamoq yoki o‘lim jazosi qo‘llanilishi kutilmoqda.

«Hujumdan so‘ng bir necha soatlar o‘tdi, qidiruv-surishtiruv ishlari hamon davom etmoqda. Biz qaysi bandlar bo‘yicha jazo qo‘llashni ko‘rib chiqyapmiz. Ulardan ayrimlari o‘lim yoki umrbod qamoq bilan jazolanishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Federal qidiruv byurosidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Soipovning telefonidan aksari IShID bilan bog‘liq, xususan, uning ramzi va rahbarlari tasvirlangan 90 ga yaqin video va taxminan 3 ming 800 ta fotomateriallar topildi.

Hujjatlarga ko‘ra, Soipov omma ustidan kamida bir necha yuz metr yurishni rejalashtirgan, terakt uchun AQShda ommaviy tarzda o‘tkaziladigan Xellouin bayramini tanlagan.

Avvalroq FQB teraktga aloqador ikkinchi o‘zbekistonlik Qodirovni qo‘lga olganini xabar bergan edik. Qodirov haqida ma’lumotlar to‘plash davom etmoqda.