Diyor Imomxo‘jayevdan: Superliga o‘yinlari nega Toshkentga ko‘chirilmoqda?

«O‘zPFL Superliga uchrashuvlarini markazlashgan holatda o‘tkazish variantini ham o‘rganib chiqayotgani haqida yozgandik. Bu bizning vazifamiz, A plan o‘xshamay qolsa, albatta B tayyor turishi kerak. Savol: musobaqalar to‘xtab qolmasligi nima uchun muhim?», — deya gap boshlagan Diyor Imomxo‘jayev Superliga o‘yinlari nega markazlashgan holda o‘tkazilayotganligini tushuntirib.

— «To‘xtatish oson, boshlab olish qiyin. Holat bizdanda salbiyroq mamlakatlar futbolni davom ettirishni eplayotgan bo‘lsa, biz ham harakat qilishimiz kerak.

— Kuz faslida xalqaro o‘yinlar bor, futbolchilar unga qadar yaxshi formada bo‘lishlari shart.

— Karantin sabab odamlarga uyda o‘tirish taklif etilayotgan bo‘lsa, ularning aksari futbol tomosha qiladi. Juda qiyin bo‘lsa-da, chet el futboli muxlislarga berayotgan ozuqani o‘z odamlarimizga o‘z futbolimiz bilan berishga harakat qilishdan to‘xtamasligimiz kerak.

Xo‘sh, markazlashgan musobaqa mavzusi nega ochildi?

— Viloyatlararo chegaralar yopildi, bu jamoalarga birinchi muammo.

— Poyezd va aviaqatnovlar qisqartirildi, bu ikkinchi muammo.

— Vodiy yo‘lida jamoalar avtobus bilan harakatlana olmaydi, bu uchinchi muammo.

— Surxondaryoga avtobusda boradigan Toshkent va vodiy jamoalari jismoniy tarafdan juda katta kuch yo‘qotadi, bu to‘rtinchi muammo. 

Biz bu borada IIV bilan hamkorlikda ishlayabmiz. Futbol klublariga yo‘llarda qulaylik yaratish maqsadida ularning rejalari, harakat qiladigan transportlari va delegatsiyalar ro‘yxati IIV uchun taqdim etildi. Ya’ni, 9-tur bizga bu borada juda ko‘p axborot beradi, keyingi rejalar shundan kelib chiqadi. 

Xo‘sh, markazlashgan musobaqa uchun nega Toshkent qulayroq?

Birinchidan, Superliganing barcha klubida Toshkentdan qo‘nim topish uchun navbatchi otellar bor. Ular bu otellardan muntazam — tibbiy tekshiruv uchun, yig‘inlar uchun va hokazo vaqtlarda foydalanadi. Ya’ni, har bir klub uchun o‘z viloyatidan keyingi qarorgoh bu Toshkent.

Ikkinchidan, Toshkent va Toshkent viloyatida Superliga talablariga javob beradigan 7 ta maydon bor, biz shularning 5 tasidan foydalanishimiz mumkin (2 tasida projektorlar muammosi bor). Boshqa biror yerda buncha maydonlar yo‘q. Vodiy masalasi ko‘tarilishi mumkin albatta. Biroq vodiyda bunday stadionlar soni 4 ta (ular orasidan Istiqlol stadioni masalasi alohida mavzu).

Uchinchidan, Toshkent va Toshkent viloyatlarida mashg‘ulot maydonlari nisbatan ko‘p. Hayot faqat rasmiy o‘yinlardan iborat emas, klublar mashg‘ulot ham olib borishi kerak. Sizningcha, yana qaysi viloyat bir vaqtning o‘zida 14 klubni qabul qila oladi? Toshkentda esa ularning barchasida kelganida shug‘ullanish uchun navbatchi maydonlar bor (aslida bu mavzu hali Toshkentda ham muammolar keltirib chiqarishi katta ehtimol).

To‘rtinchidan, biz U-21 musobaqasini ham unutmasligimiz kerak. Chunki O‘zbekiston mezbonlik qiladigan U-19 Osiyo chempionatining asosiy futbolchilari mana shu ligada to‘p suradi. Hatto Toshkentning o‘zida ular uchun tabiiy maydonlar qolmayapti, biz majbur bo‘lamizki, ularga sun’iy maydonlarni taklif qilishga. Muhimi, musobaqaning to‘xtab qolmasligi. 

Beshinchidan, U-21 jamoalari asosiy jamoalar bilan yonma-yon bo‘lganidagina yosh futbolchilarda motivatsiya va o‘sish bo‘ladi. Shu tariqa, umumiy 28 jamoa uchun Toshkentdan boshqa viloyat qiyinchilik tug‘diradi. 

Oltinchidan, uchrashuvlar hakamlari, inspektorlari va komissarlarining asosiy qismi Toshkentda istiqomat qiladi. Bu ular uchun chegaralarni bosib o‘tish muammosini kamaytiradi, futbol klublari ularni olib kelish va kuzatish xarajatlarini vaqtincha o‘ylamaydi. Ularning hammasini boshqa viloyatga ko‘chirib borish va yashashini ta’minlash esa qo‘shimcha mablag‘ talab qiladi. 

Yettinchidan, MTRK xodimlarining asosiy qismi ham Toshkentda istiqomat qiladi. Ularda ham chegarani bosib o‘tish masalasi bor. Bitta uchrashuvda MTRKning taxminan 15 nafar xodimi xizmat qilishi inobatga olinsa, barcha uchrashuvlar uchun yetarli personalning boshqa viloyatga olib borish muammosi, ularning xarajatlari masalasi kelib chiqadi. Qolaversa, MTRK va «Sport TV» faoliyati faqatgina futboldan iborat emas, ular qolgan vaqtlarda boshqa loyihalar uchun ham ishlashi kerak, buning uchun ular Toshkentda bo‘lishi lozim.

Sakkizinchidan, futbolni yoritib boruvchi asosiy internet nashrlar ham poytaxtdan turib ishlaydi. Championat. asia deysizmi, «Kun», «Daryo», SportsUZ va hokazo, ular ham boshqa viloyatlar uchun o‘z xodimlarini yuborishda, ularning yashashini ta’minlashda moliyaviy qiyinchilikka duch kelishi mumkin. 

Kasallanish holati Toshkentda ko‘proq, viloyatlarda kamroqligi masalasida shunday deyishimiz mumkin: ayni vaqtda butun O‘zbekiston qizil zonada. Infeksiya yuqtirib olish xavfi barcha joyda bor. Agar jamoalar Toshkentdan qo‘nim topsa, rejamiz bo‘yicha ular istiqomat qiladigan maskanlarda karantin talablari kuchaytiriladi. Bu ishga SES va IIVni jalb qilish nisbatan osonroq bo‘ladi. Klublar o‘z qarorgohi orqali avtobusda mashg‘ulotga va o‘yinga qatnaydi xolos. Ular bilan begona kishilarning uchrashmasligini iloji boricha nazorat qilish mumkin bo‘ladi.  

Shuningdek, markazlashgan musobaqa bizga vaqtdan yutish imkonini beradi. Reja bo‘yicha 12-tur uchrashuvlari 4 avgust kuni tugaydi. Markazlashgan holatda esa biz 12-turni 30 iyul kuni yakunlashimiz mumkin. 

Jamoalar ketma-ketligiga ham qarang. «Paxtakor», Toshkentda, «Lokomotiv», «Bunyodkor», «Metallurg», OKMK va «Surxon» ham shu nuqtalarda, «Andijon» mashg‘ulotlarni Yangiyerda olib boryapti. Ya’ni, jamoalarning deyarli teng yarmi shu yerda. Bu albatta ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ladi, biroq faktdan qochib ham bo‘lmaydi. 10-turda «Navbahor» Termizga, «Andijon» Muborakka borishi kerak. Ular baribir Toshkent orqali yo‘lga chiqadi. Bu ham muhim faktor.

Biz qachondir hamma narsa poytaxt jamoalari uchunmi, degan qarashdan voz kechishimiz kerak. Biz qachon butun bir O‘zbekiston bo‘lamiz, shunda rivojlanamiz. Istalgan sohani olib qarasangiz ham shunday, metro faqat Toshkentda, asosiy banklar, tashkilotlar va hokazo. Bu jarayonlarga futbolgina sababchi emas. Biz viloyat jamoalarining muvaffaqiyatiga, ularning xalqaro maydonlardagi o‘yinlariga ko‘proq muhtojmiz. Bu oldinga kattagina qadam tashlashimiz uchun turtki beradi. Aytaylik, kubok finali Namanganda o‘tadi, bu bitta imkoniyat. Karantindan keyin tiklangan futbolda «Nasaf», «So‘g‘diyona», «Navbahor», «Qo‘qon-1912» kabi klublardagi o‘sishni ko‘pchiligimiz ko‘rdik, o‘ynasa, yetakchilarni ham yutish mumkin ekan. Mana endi yuqorida keltirib o‘tilgan masalalarni istalgan viloyatga solishtirib chiqasiz, savollar bo‘lsa, ularga javob berishga tayyormiz. 

Shu o‘rinda IIVga ko‘rsatayotgan yordami uchun katta minnatdorchilik bildiramiz. 9-tur uchrashuvlari muammolarsiz o‘tib olsa, keyingilari masalasida yana fikr almashamiz», — deya yozadi PFL rahbari telegramdagi kanalida.