Villian «Chelsi»ni tark etib, Londonda qolmoqchi

Londonning «Chelsi» klubi hujumkor yarimhimoyachisi Villian mavsum yakunida jamoani tark etishi kutilmoqda.

The Sun’ning xabar berishicha, «aristokratlar» bilan shartnomasi yakuniga yetayotgan 31 yoshli braziliyalik futbolchi «Tottenhem» bilan shartnoma borasida kelishuvga erishgan. Qayd etilishicha, futbolchining karantindan keyingi o‘yinlari sababli «Chelsi» Villianga yangi shartnoma taklif etgan, biroq braziliyalik futbolchi shartnomasi tugagach jamoani erkin agent sifatida tark etmoqchi.

Avvalroq, Villianning «Tottenhem» bosh murabbiyi Joze Mourino bilan uchrashgani, portugaliyalik murabbiyning «Chelsi»dagi faoliyatidan buyon braziliyalik futbolchi bilan yaxshi munosabatda ekanligi haqida xabar berilgandi. Villianning o‘zi ham uning oilasiga Londonda yashash qulay ekanligi haqida aytib o‘tgandi.

Ma’lumot uchun, Villian joriy mavsumda «Chelsi» safida jami 43 o‘yinda maydonga tushib, 11ta gol va 9ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.