Shavkat Mirziyoyev yana bir milliy bayramni belgiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 2 oktyabr kuni “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Keyingi yillarda asrlar davomida mardlik, bag‘rikenglik, olijanoblik va halollikning timsoli sifatida e’zozlanib kelingan, o‘zbek xalqining tarixiy merosi — “Kurash” milliy sport turini (keyingi o‘rinlarda kurash deb yuritiladi) qayta tiklashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida kurash xalqaro sport turi sifatida keng e’tirof etildi, “kurash”, “halol”, “ta’zim”, “to‘xta” va “yonbosh” kabi atamalar esa, xalqaro sport lug‘ati tarkibidan mustahkam o‘rin egalladi.

1998 yil 6 sentyabrda ta’sis etilgan Kurash xalqaro assotsiatsiyasi bugungi kunda sayyoramizning beshta qit’asidagi 129 ta milliy federatsiyalarni birlashtirgan.

2010 yilda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish uchun buyurtma berishda muhim talab hisoblangan Jahon dopingga qarshi agentligining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

2017 yil 20 sentyabrda Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida “Kurash” milliy sport turi tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi.

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi kurashni xalkaro sport musobaqalari va turnirlari dasturlariga, kelgusida esa, Olimpiya o‘yinlari dasturiga ham kiritish bo‘yicha faol tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga, mavjud ayrim kamchiliklar kurashni yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda, xususan:

birinchidan, “Kurash” milliy sport turini, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida, o‘sib kelayotgan avlodning milliy iftixor va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash maksadida ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar zamon talablariga javob bermayapti;

ikkinchidan, mazkur sport turi bo‘yicha qobiliyatli kurashchilarni aniqlash va saralash hamda ularning mashq qilishi, shuningdek, murabbiy va hakamlarni tayyorlashning samarali mexanizmlarni joriy etish imkonini beradigan klub va seksiyalarning yaxlit tizimi shakllantirilmagan;

uchinchidan, yoshlarni ushbu sport turi bilan shug‘ullanishga kengroq jalb etishga qaratilgan xalqaro musobaqalar g‘oliblari va sovrindorlarini rag‘batlantirishning samarali tizimi joriy etilmagan;

to‘rtinchidan, zarur moddiy-texnik baza va sport infratuzilmasining yetarli emasligi, sport anjomlarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilmaganligi sportchilar mashg‘ulotlarini talab darajada tashkil etishga hamda kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga to‘sqinlik qilmoqda.

“Kurash” milliy sport turini aholi, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida yanada rivojlantirish hamda ommalashtirish, o‘sib kelayotgan avlodda milliy iftixor va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jahon sport maydonida yuqori natijalarga erishishni ta’minlash maqsadida:

1. 6 sentyabr — “Kurash” milliy sport turi kuni sifatida belgilansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

Nukus shahri va viloyat markazlarida “Kurash” milliy sport turi markazlari, har bir tuman (shahar)da zamonaviy sport klublari va seksiyalarini tashkil etish;

kurash bo‘yicha respublika, xalqaro musobaqa va turnirlarni doimiy asosda tashkil etish va o‘tkazish;

kurash bo‘yicha respublika, xalqaro musobaqa va turnirlar ishtirokchilarining avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazasini joriy etish;

“Kurash” yo‘nalishi bo‘yicha oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini oshirish;

mazkur sport turi bilan shug‘ullanish uchun jahon standartlariga javob beradigan “yaktak” sport kiyimlari va “kurash gilam”larini ishlab chikarishni tashkil etish;

kurashni, shu jumladan, reklama kampaniyalarini o‘tkazish va ijtimoiy roliklarni namoyish etish orkali ommalashtirish bo‘yicha media-reja ishlab chiqish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi “Kurash” milliy sport turini “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” sport o‘yinlari dasturiga o‘rnatilgan tartibda kiritilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston kurash federatsiyasining O‘zbekiston kurash federatsiyasi huzurida “Kurash” milliy sport turi markazi” nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish va Toshkent shahar, Korxojaota ko‘chasi, 25-uy manzili bo‘yicha joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Toshkent shahar hokimligi “Kurash” milliy sport turi markazini mazkur bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha bepul joylashtirilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston kurash federatsiyasi va uning bo‘linmalari faoliyatini muntazam qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, “Kurash” milliy sport turi markazi binosini rekonstruksiya qilish va moddiy-texnik jihozlash uchun homiylik mablag‘larini jalb etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

6. Quyidagi tartib o‘rnatilsin, unga muvofiq:

yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi (yalpi tushumi) O‘zbekiston kurash federatsiyasi faoliyatini moliyalashtirish uchun yo‘naltirilgan badal, homiylik va xayriya yordam ko‘rinishidagi mablag‘lar mikdoriga, lekin soliq solinadigan foydaning (yalpi tushumning) o‘n foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorga kamayadi;

O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan sportchilar va murabbiylarga topshiriladigan pul mukofotlar va qimmatbaho sovg‘alar ko‘rinishidagi daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod kilinadi.

7. Sportchilarni hammabop va sifatli sport kiyimlari va inventarlari bilan ta’minlash maksadida asosiy faoliyati “yaktak” sport kiyimlari va (yoki) “kurash gilam”larini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar besh yil muddatga barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod qilinsin, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bundan mustasno.

8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

O‘zbekiston kurash federatsiyasining buyurtmalari bo‘yicha kurashni rivojlantirish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan kirish vizalarini rasmiylashtirishni ta’minlasin;

O‘zbekiston kurash federatsiyasiga xorijda kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalar va turnirlarni tashkil etish va o‘tkazishda ko‘maklashsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston kurash federatsiyasining buyurtmalari bo‘yicha kurashni rivojlantirish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalari berilishini va muddatining uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

10. O‘zbekiston milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga sport musobaqalari va turnirlarini ommaviy axborot vositalarida muntazam va keng yoritish orqali kurashni ommalashtirishga ko‘maklashish tavsiya etilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari, Osiyo va jahon chempionatlari, shuningdek, O‘zbekiston birinchiligi g‘oliblarini oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish tartibini joriy etish haqidagi;

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017 yil 2 oktyabr