Sakkiz marta o‘ldirilgan IShID rahbari Abu Bakr Bag‘dodiy yana «tirildi»

IShIDga qarashli Al-Furqon axborot agentligi guruh yetakchisi Abu Bakr Bag‘dodiyga nisbat berilgan audiyozuvni e’lon qilgan. Reuters​ agentligi xabariga ko‘ra, Bag‘dodiyning yangi nutqi payshanba kuni e’lon qilingan.

46 daqiqadan iborat xutbada IShID rahbari jangarilarni har bir qarich yer uchun qarshilik ko‘rsatishga undagan. Bag‘dodiy o‘z nutqida tarafdorlarini g‘alaba sari yo‘lda sabrli bo‘lishga chaqiradi.

Hozircha Bag‘dodiy bu nutqni qachon va qayerda qilgani aniqlanmagan. IShID a’zolari xutba yozib olingan sana haqida hech qanday ma’lumot bermagan. Tahlilchilar bu nutq yaqin orada yozilganini taxmin qilishmoqda. Boisis, Bag‘dodiy o‘z chiqishida Shimoliy Koreyaning Yaponiya va AQShga qilgan tahdidini eslatib o‘tgan.

Bag‘dodiyning jangarilarga audiomurojaati so‘nggi 11 oy davomida birinchi marta e’lon qilinmoqda. Oxirgi marta IShID rahbariga aloqadorligi aytilgan nutq o‘tgan yilning noyabr oyida e’lon qilgan edi. O‘shanda jangarilar yetakchisi o‘z tarafdorlarini Mo‘sulni himoya qilishga ruhlantirgan edi. Iroqning Mo‘sul shahrini IShIDdan ozod qilish uchun harbiy harakatlar o‘tgan yilning oktyabr oyida boshlangan va shu yilning yozida shahar to‘liq hukumat nazoratiga o‘tgan edi.

Ayni paytda Abu Bakr Bag‘dodiyning qayerdaligiga oid hech qanday ma’lumot yo‘q. Uni dastlab Mo‘sulda yashringani taxmin qilingan edi. So‘ngra Mo‘suldan Raqqaga qochgani haqida xabar;ar tarqaldi. Shu kunlarda IShIDning so‘nggi yirik tayanchi bo‘lgan Raqqa shahrini jangarilardan ozod qilish bo‘yicha janglar davom etmoqda.

Dunyo matbuotida IShID rahbari o‘ldirilgani to‘g‘risida hozirga qadar kamida 8 marta mish-mish tarqatilgan. 2017 yilning o‘zida ommaviy axborot vositalari Bag‘dodiyni 4 marta «o‘ldirgan». Ular orasida Rossiya Mudofaa vazirligining Bag‘dodiy havo hujumi tufayli halok bo‘lgani to‘g‘risidagi bayonoti ham bor. Bundan tashqari, ko‘p marotaba uning jarohatlangani, hibsga olingani va zaharlanganiga oid xabarlar tarqalgan.