FIFA 2018 yilning oxirigacha O‘FF hisobiga 3.5 mln AQSh dollar o‘tkazib beradi

O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov bugun Shveysariyaning Syurix shahrida FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashdi.

O‘FF matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Umid Ahmadjonov FIFA rahbari bilan “Forvard” loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Natijada, 2018 yilning oxirigacha O‘zbekiston futboliga 3.5 million AQSh dollari, 2019 yilda esa yana 1.5 million dollar O‘FF hisobiga o‘tkazib beriladi.

Infantino yangi rivojlantirish loyihasini ishga tushirdi. Mazkur loyiha doirasida FIFAga a’zo har bir federatsiya, shu jumladan O‘zbekiston ham, 4 yil muddatga 5 million AQSh dollari miqdorida pul oladi. Bu pullar FIFAning “Forvard” loyihasi reglamentida aytib o‘tilganidek, federatsiyaning ishini yuritish, ma’muriy boshqaruv ishlari, shuningdek, terma jamoalar, Respublika miqyosidagi musobaqalarni o‘tkazish, veb-sayt ishlarini takomillashtirish kabi alohida belgilab qo‘yilgan ishlarga sarflanishi kerak. Amaliy ishlar tugagach, FIFA 5 million AQSh dollarini 4 yil ichida o‘rnatilga tartibda federatsiyalarga audit asosida o‘tkazib beradi.

Umid Ahmadjonovning FIFA bilan muzokaralari natijasida maxsus loyihalar uchun FIFA bilan 2017-2018 yilgi davrga 1,5 million AQSh dollari miqdorida shartnoma imzolanadigan bo‘ldi. Ahmadjonovning topshirig‘i asosida Toshkentda ushbu shartnoma shartlarini bajarish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilib, unga belgilangan muddat ichida barcha xujjatlarni Syurixga yuborish vazifasi birlamchi qilib qo‘yildi.

Janni Infantino kelgusida FIFAning futbolni rivojlantirishga yo‘naltirilgan moliyaviy grant dasturlarida O‘zbekistonning faol ishtirok etishiga umid bildirdi.