Samvel Babayanning Terma jamoa uchun qilgan yana bir «Aqlli qilmishi» oshkor bo’ldi!

Generated by IJG JPEG Library

Samvel Babayan bir emas, ikki bor O‘zbekiston termasining Jahon Chempionatidan chetda qolishiga sabab bo‘lgan. Bu haqdagi maqola jurnalist Shuhrat Shokirjonov tomonidan yozilib, “Kun.uz” saytida chop etildi.

2005-yilning 3-sentabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi JCh—2006 pley-offida Bahraynga qarshi maydonga tushib, Mirjalol Qosimovning yagona goli evaziga zafar quchgandi. O‘sha uchrashuvda yaponiyalik hakam Toshimitsu Yoshida o‘zbekistonliklarning penaltidan urgan golini texnik xatosi bilan inobatga olmay, mezbonlar e’tiroziga sabab bo‘lgan.

O‘yindan so‘ng Samvel Babayan O‘FF binosiga tashrif buyurib, tashkilot vitse-prezidenti Baxtiyor Rahimovni FIFAga e’tiroz maktubi yozishga ko‘ndirishga urinadi. Yakunda xat yoziladi. Unda hakam qilgan xato uchun Bahrayn jazolanishi so‘ralgan bo‘lib, FIFA yakunda O‘zbekistonning g‘alabasini bekor qilgandi. Keyinroq O‘zbekiston Bahrayn bilan ikki bor durang o‘ynab, JChdan chetda qolgandi.

Bu voqeada bir qator o‘zbekistonlik muxlislar O‘FF terma jamoalar markazi rahbari bo‘lgan Alisher Nikimbayevni aybdor deb hisoblagan. Shuhrat Shokirjonov maqolasida qayd etilishicha, Nikimbayev FIFAga xat yozishni aqlsizlik deb bilgan va bunga qarshilik qilgan. Keyinroq, FIFAda faoliyat olib borayotgan Vyacheslav Koloskov bilan bog‘langan. Koloskov ham Nikimbayevning fikrini yoqlab, O‘FFni bu ishdan qaytarishga uringan.

Sobiq futbolchi Ilyos Zeytullayevning agenti Marko Trabbuki esa FIFA bosh kotibi Mishel Zen-Rufenenga qo‘ng‘iroq qilib, xatni qanday yozish borasida “qimmatli” maslahat oladi. Maktub milliy terma jamoa bosh murabbiyi Bob Xougtonning agenti tomonidan bitiladi. Alisher Nikimbayev mazkur holatdan O‘FF prezidenti Zokir Almatovni xabardor qilish kerak deb bilsa-da, Samvel Babayanning qistovi bilan vitse-prezident Baxtiyor Rahimovning o‘zi maktubga imzo chekib, uni FIFAga jo‘natadi.

Futbolni tuzukroq tushunadigan odamlarga qarshi chiqqan Samvel Babayanning “aqlli g‘oyasi”, FIFAdagi Mishel Zen-Rufenenning 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat haqidagi fikri, Baxtiyor Rahimovning Babayan fikriga quloq solishi natijasida, o‘zbekistonlik futbolchilarning tayyor g‘alabasi yo‘qqa chiqdi. Ular javob o‘yinida maydonga tushish uchun allaqachon Bahraynga yetib borgan bir vaqtda, FIFA ularning hafsalasini bir pul qilgan javob maktubini yo‘llagan.

Natija va oqibat uchun uzr so‘rashni o‘ziga ep bilmaydigan bu odam, albatta, bu voqeaga aloqadorligini o‘laqolsa bo‘yniga olmasligi aniq. Imzoni u qo‘ymagan-da! Lekin hurmatli muxlislar, Sizlar bilib qo‘yinglar — bu haqiqat!

2005-yilda Babayan qanday qilib yozuv chizuv orqali natija qilishga harakat qilgan (sport prinsiplariga tupurib — na o‘sha paytdagi terma jamoamiz futbolchilarini o‘ziga bo‘lgan ishonchini, na Bahraynning o‘sha xatoda aybi yo‘qligini tan olgan) bo‘lsa, oradan shuncha yil o‘tib, “aqli” kirmaganini isbotladi: yana boshqa o‘yinlarning natijasiga “osilib”, JChga chiqishni istadi. Ha, xuddi shunday! Aks holda, JChga gol urib, g‘alaba qozonib chiqishni niyat qilganida, 5 turdan beri o‘yindan gol ura olmay kelayotgan terma jamoamizda nimanidir o‘zgartirish harakatini ko‘rgan bo‘lmasmidik?

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

O‘zbekiston futbol federatsiyasi barcha ish pachava bo‘lganidan so‘ng, aniqrog‘i, 7-sentabr kuni Samvel Babayanni iste’foga chiqardi